add

O‘zbekistonda sun’iy «chegirmalar» taqiqlandi

23.10.2025 | 12:002322

Hukumat qaroriga ko‘ra, sotuvchilar endi avval narxni sun’iy oshirib, keyin «arzonlashtirilgan» deb ko‘rsatish orqali xaridorlarni chalg‘ita olmaydi. Chegirma haqiqiy bo‘lishi uchun u oxirgi 30 kunlik eng past narx asosida belgilanishi shart.

O‘zbekistonda sun’iy «chegirmalar» taqiqlandi

O‘zbekiston hukumati 21 oktyabrda qabul qilgan qaror bilan chakana savdo qoidalariga muhim o‘zgartishlar kiritdi. Endi sotuvchilarga narxni sun’iy ravishda oshirib, keyin arzonlashtirilgan narxni «chegirma» sifatida ko‘rsatish taqiqlanadi. Bu qaror iste’molchilarni aldov reklama va manipulyatsiyadan himoya qilishni maqsad qiladi.

Yangi talablarga ko‘ra, sotuvchi faqat to‘lovdan oldingi haqiqiy narxni ko‘rsatgan taqdirdagina chegirma qonuniy hisoblanadi. Agar bu narx chegirma e’lon qilingunga qadar oxirgi 30 kun ichidagi eng past bahodan yuqori bo‘lsa, bunday holat haqiqiy chegirma deb tan olinmaydi. Bu qoida qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari barcha tovarlarga taalluqli.

Shu bilan birga, rag‘batlantiruvchi aksiyalar ham qat’iy qoidalar asosida o‘tkaziladi. Sotuvchi aksiya boshlanganda uning shartlarini — amal qilish muddati, ishtirok etish tartibi, tovarlar soni va nomi haqidagi ma’lumotni aniq va tushunarli shaklda e’lon qilishi shart. Aksiya boshlangandan keyin uning shartlarini o‘zgartirish yoki narx haqida noto‘g‘ri ma’lumot berish qat’iyan man etiladi.

Qarorda, aksiyalar davomida taklif etilayotgan chegirma, bonus yoki boshqa imtiyozlar haqiqatan ham amal qilishi zarurligi qayd etilgan. Agar aksiya ommaviy tadbir shaklida o‘tkazilsa, u holda vakolatli idoralardan tegishli ruxsatnoma olinishi lozim bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Raqobat qo‘mitasi 2025 yil iyul oyida chegirmalarni huquqiy tartibga solish loyihasini muhokamaga qo‘ygandi. Mazkur tashabbus «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va chakana savdoda shaffoflikni ta’minlashdan iborat.

Teglar

Mavzuga oid