add

O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi joriy etiladi

22.10.2025 | 15:001252

2026 yildan boshlab O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni prognoz qilish va madaniy meros ob’ektlari hamda infratuzilmalarning zilzilabardoshligini monitoring qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda seysmik xavfsizlik tizimi tubdan yangilanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra, seysmologiya sohasiga sun’iy idrok va raqamli texnologiyalar joriy etiladi.

Farmonda belgilanishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab respublikada «A-373» va «M-39» avtomobil yo‘llari hamda ularga tutash tog‘li hududlardagi temiryo‘llarning ko‘chki xavfi yuqori nuqtalari doimiy radiolokatsion kosmik monitoring orqali kuzatiladi. Bu tadbirlar tabiiy xavflarni erta aniqlash va ularning oldini olish imkonini beradi.

Shu sanadayoq sun’iy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatli prognoz qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda bu tizim Toshkent shahri misolida joriy etiladi.

Shuningdek, tarixiy va madaniy meros ob’ektlarining zilzilabardoshligini tahlil qilish tizimi ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Darvozaxona (Ark majmuasi) va Xivadagi Ichan-qal’a inshootlarida monitoring ishlari boshlanadi.

2026 yil 1 martdan boshlab sun’iy idrok orqali binolar va inshootlarning texnik holati tahlil qilinib, ularning zilzilabardoshlik darajasi baholanadi. Shundan so‘ng katta hajmdagi seysmik ma’lumotlar qayta ishlanib, ehtimoliy xavfli hududlar aniqlanadi.

Shu bilan birga, avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda tunnellarning barqarorligini onlayn rejimda kuzatish tizimi ham ishga tushiriladi. Bu vazifa Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Seysmoprognostik monitoring markazi tomonidan TransportSeysmika platformasi orqali amalga oshiriladi.

Farmon bilan seysmologiya sohasiga ilg‘or raqamli yechimlar joriy qilinishi mamlakatda tabiiy xavflarni oldindan bashorat qilish va aholini himoya qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi joriy etiladi | Vaqt.uz