
O‘zbekistonda suv umummilliy boylik deb e’lon qilindi
30.07.2025 | 20:305743
O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash va uni muhofaza qilish maqsadida yangi normativ baza shakllandi. 2025 yil 30 iyul kuni mamlakatning yangi Suv kodeksi qabul qilindi va u rasman e’lon qilinganidan so‘ng uch oy ichida kuchga kiradi.

Yangi kodeksga ko‘ra, suv endi umummilliy boylik sifatida e’tirof etiladi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Suvdan foydalanish turlari «umumiy» va «maxsus» deb ajratiladi. Bunda yer usti va yer osti suv manbalari, shu jumladan, transchegaraviy ob’ektlar ham nazoratga olinadi.
Qonunga muvofiq, mamlakatda Respublika suv kengashi, shuningdek, havza va hududiy darajadagi suv kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, suv ob’ektlari doimiy yoki vaqtincha foydalanishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarga asosan foydalanishga beriladi. Suv ob’ektidan vaqtincha foydalanish muddati 3 yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak.
Suvdan umumiy foydalanish jumlasiga quyidagilar kiradi:
▪️ o‘zining ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv olish;
▪️ cho‘milish;
▪️ chorva mollarini sug‘orish;
▪️ sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash.
Suvdan maxsus foydalanish Kodeksda belgilangan hollarda ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Yangi kodeks suvdan noqonuniy yoki shartnomasiz foydalanish holatlariga qarshi moliyaviy sanksiyalarni ham nazarda tutadi. Masalan, limitdan ortiq olingan suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, shartnomasiz olinsa — 30 foiz, hisobga olish vositalarisiz suv olinsa — 5 foiz miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Suv olish tartibining buzilishi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida takroran sodir etilganda, ushbu moliyaviy sanksiyalar 5 baravar miqdorda qo‘llaniladi.





