
O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 22,6 trln so‘mga yetdi
Ushbu sohadagi o‘sish raqamli iqtisodiyot va aloqa infratuzilmasiga talab ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 22,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizlik o‘sishni anglatadi va aloqa hamda axborotlashtirish sohasida barqaror rivojlanish saqlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 2025 yilning 11 oyida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari umumiy hajmida telekommunikatsiya xizmatlarining ulushi 32 foizga teng bo‘lgan.
Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 9,49 trln so‘mni tashkil etib, respublika ko‘rsatkichining salmoqli qismini qamrab olgan.
Viloyatlar orasida Samarqand viloyati 1,64 trln so‘m va Farg‘ona viloyati 1,64 trln so‘m bilan yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Andijon viloyatida telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 1,31 trln so‘mni, Toshkent viloyatida esa 1,21 trln so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 1,16 trln so‘m, Namangan viloyatida 1,14 trln so‘m, Surxondaryo viloyatida 913,5 mlrd so‘m hajmida xizmatlar ko‘rsatilgan. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatiga to‘g‘ri kelib, u yerda telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 419,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.





