
O‘zbekistonda temir yo‘l orqali 8,1 mln nafar yo‘lovchi tashildi
2025 yilda temir yo‘l transportidan foydalangan yo‘lovchilar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb bir million nafarga oshdi.

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida temir yo‘l transportidan foydalangan yo‘lovchilar soni 8,1 million nafardan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu yil temir yo‘l transportidan foydalangan yo‘lovchilar soni 2024 yilning mos davriga nisbatan 957,2 ming nafarga ko‘paygan. Bu raqamlar orqali mamlakatda temir yo‘llarga nisbatan talab ortayotganini kuzatish mumkin.
Shuningdek, yil boshidan buyon temir yo‘l orqali bir kunda o‘rtacha 29,8 ming nafar yo‘lovchi tashilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarning uzunligi 4 ming 838,9 kilometrni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosidan bir kunda o‘rtacha 753 mingdan ziyod yo‘lovchi foydalanayotgani haqida xabar bergandik.





