add

O‘zbekistonda Umra safarini o‘tkazishga ruxsat olgan turoperatorlar soni 14 taga yetdi

17.05.2025 | 20:5515663

O‘zbekistonda yana ikki turoperator — Centrum holidays va Buxoro umra jamiyati Umra safarlarini tashkil etish uchun rasmiy litsenziya oldi. Shu bilan birga, bu faoliyatga ruxsat olgan kompaniyalar soni 14 taga yetdi.

O‘zbekistonda Umra safarini o‘tkazishga ruxsat olgan turoperatorlar soni 14 taga yetdi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita umra ziyoratini tashkil etish bo‘yicha faoliyat yuritish uchun yana ikki kompaniyaga — Centrum holidays va Buxoro umra jamiyatiga litsenziya taqdim etdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi. Mart oyida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita turoperatorlardan arizalar qabul qilish jarayonini boshlab, 7 aprelgacha qabul qilgan. Tanlov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, mazkur ikki kompaniyani saralab olgan. Centrum holidays kompaniyasi 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ustav kapitali 2,59 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning muassislari — Hafizjon G‘afurov va Abdulaziz Abdurahmonov hisoblanadi. Kompaniya «My Freighter» bilan umumiy ta’sischilar orqali bog‘langan. Buxoro umra jamiyati haqida esa ommaviy manbalarda ochiq ma’lumotlar mavjud emas. Shu tariqa, umra ziyoratini tashkil etish huquqiga ega bo‘lgan kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Ular orasida Toshkentdan 6 ta, Namangandan 3 ta, shuningdek Andijon, Marg‘ilon va Urganchdan ham kompaniyalar bor. Ma’lumot uchun, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan turoperatorlar maxsus «Ziyorat» jamg‘armasiga 1 mln AQSH dollari miqdorida depozit ajratishi, shuningdek Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot bilan rasmiy shartnoma imzolashi shart. Ular ziyoratchilar uchun tibbiy yordam, ovqatlanish va joylashuvni ham ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Teglar

Mavzuga oid