add

O‘zbekistonda Urbanizatsiya va uy-joy bozori bo‘yicha Milliy qo‘mita tuziladi

20.11.2025 | 15:544532 Daqiqa

Prezident farmoniga muvofiq, «Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qo‘mitasi» tashkil etiladi. Kadastr agentligi Milliy qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda Urbanizatsiya va uy-joy bozori bo‘yicha Milliy qo‘mita tuziladi

O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlarini tizimli tarzda boshqarish va uy-joy siyosati samaradorligini oshirish maqsadida «Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qo‘mitasi» tashkil etiladi. Prezident farmoniga muvofiq, yangi tuzilma mamlakatda uy-joy siyosati, ipoteka, qurilish va renovatsiya dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Milliy qo‘mita urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organ hisoblanadi. Qo‘mitaning ustuvor yo‘nalishlari esa urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish, samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirishni ta’minlash, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish, shu jumladan, hududlarni tanlashda qonunchilik bilan belgilangan mezonlar va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini ta’minlashdan iborat.

Farmonga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi to‘liq ravishda Milliy qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, qo‘mita faoliyatini huquqiy va tashkiliy jihatdan yo‘lga qo‘yish uchun Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi belgilangan muddatlarda tegishli qaror loyihalarini tayyorlaydi.

2025 yilda qo‘mitaga zarur moliyaviy resurslar ajratiladi, shu jumladan, mebel, komputer va boshqa jihozlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. 2026 yildan boshlab uni moliyalashtirish Davlat byudjeti parametrlarida doimiy tarzda inobatga olinadi.

Farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatildi, Milliy qo‘mita rahbari esa uning samaradorligi uchun javobgar etib belgilandi. Yangi tuzilma mamlakatda uy-joy siyosati va urbanizatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini yagona markaz orqali boshqarishni ta’minlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya va iqlim o‘zgarishi Milliy qo‘mitasi tuzilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid