
O‘zbekistonda uy sotib olishda naqdsiz to‘lov tartibi joriy etiladi
30.06.2025 | 10:3028593
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdolarini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Soliq qo‘mitasi bu orqali xufiyona iqtisodiyotga qarshi tizimli kurashni maqsad qilmoqda. Yangi tartib Prezident qarori bilan joriy etilishi kutilayapti.
O‘zbekistonda uy sotish va sotib olish jarayonlarini naqdsiz shaklda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 26 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Mubin Mirzayevning ta’kidlashicha, mamlakatda xufiyona iqtisodiyot ulushi hali ham yuqori. Mazkur muammoni bartaraf etish uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Prezident qarori ishlab chiqilgan. Qarorda asosiy e’tibor naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirishga qaratilishi belgilab qo‘yilgan.
Soliq qo‘mitasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, naqdsiz hisob-kitoblarni joriy etish ko‘chmas mulk bozoridan boshlanadi. Ayni paytda uy oldi-sotdisida asosan naqd pullar ishlatilayotgani ma’lum qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, bunday savdolarni faqat bank orqali rasmiylashtirish majburiy bo‘ladi. Bu esa savdoda qonun talablariga rioya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mubin Mirzayev ta’kidlaganidek, dunyoda ko‘plab mamlakatlar 2030 yilgacha barcha yirik moliyaviy operatsiyalarni naqdsiz shaklga o‘tkazishni maqsad qilgan. O‘zbekiston ham shu yo‘ldan bormoqchi. Uy savdolarini naqdsiz to‘lovga o‘tkazish orqali savdo qoidalariga rioya qilishni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda uy narxlari bozordagi asl qiymatidan o‘rtacha 17 foiz yuqori bo‘lgan. O‘tgan yili mamlakat bo‘ylab 329 mingta uy sotilgan, bu 2023 yilga nisbatan 2,2 foizga kam. Bunday pasayish ipoteka shartlaridagi cheklovlar va bozorda narxlar qisman barqarorlashgani bilan izohlandi.





