
O‘zbekistonda uzluksiz ishlaydigan «yashil» energiya loyihasi yo‘lga qo‘yiladi
BAA kompaniyalari bilan hamkorlikda uzluksiz elektr ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar barpo etiladi.

O‘zbekistonda kun davomida uzluksiz ishlaydigan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan yirik loyihalar amalga oshiriladi. Bu tashabbus mamlakat energetika tizimida barqarorlikni oshirish va «yashil» energiya ulushini kengaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, BAAning Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston Energetika vazirligi, Masdar hamda Emirates Utilities Development Company o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda uzluksiz rejimda ishlaydigan, 1 GWgacha bazaviy yuklama quvvatiga ega loyihani ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Hujjat O‘zenergosotish AJ, Masdar va EUDC’ning bosh kompaniyasi — Etihad Water & Electricity ishtirokida imzolandi. Loyiha qayta tiklanuvchi energetika sohasida uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlash orqali tizimdagi uzilishlar muammosini kamaytirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Energetika vazirligiga ko‘ra, mazkur model jahon bozorida raqobatbardosh tariflar asosida katta hajmda bazaviy quvvat ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Shuningdek, u xalqaro miqyosda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan namunaviy yechim sifatida qaralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 300 MW quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MW/hli energiya saqlash tizimini o‘z ichiga olgan alohida loyiha bo‘yicha ham moliyalashtirish kelishuvi imzolangan edi. Ushbu loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilib, xalqaro moliya institutlari — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki resurslari jalb etiladi.
Loyiha ishga tushgach, yiliga 280 ming tonna zararli chiqindilar atmosferaga chiqishining oldi olinadi, 231 million kub metr tabiiy gaz tejaladi hamda 280 mingga yaqin xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Masdar’ning O‘zbekistondagi qayta tiklanuvchi energiya loyihalari quvvati 2 GWga yaqinlashib, investitsiyalar hajmi 2 milliard dollardan oshib ketdi.





