
O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchilar soni yil sayin ortib bormoqda
15.10.2025 | 18:2048174
2025 yil boshiga kelib mamlakatda 90 yosh va undan katta aholi soni 18,9 ming nafarga yetdi. Demografik prognozlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2040 yilga borib 94 ming nafardan oshib ketadi.

«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda 90 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar soni 18 915 nafarni tashkil etgan. Ulardan 56,5 foizi shahar joylarida, 43,5 foizi esa qishloq hududlarida yashaydi.
Uzoq umr ko‘ruvchilarning aksariyat qismi — 66,3 foizi ayollar, 34,6 foizi esa erkaklardir. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish davomiyligi yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hududlar kesimida eng ko‘p uzoq umr ko‘ruvchilar Farg‘ona viloyatida (2 582 nafar), Toshkent shahrida (2 155 nafar), Qashqadaryoda (2 011 nafar), Surxondaryoda (1 799 nafar) va Toshkent viloyatida (1 740 nafar) qayd etilgan.
Demografik prognozlarga ko‘ra, yaqin o‘n yillikda mamlakatda uzoq umr ko‘ruvchilar soni muntazam o‘sib boradi. 2030 yilda ularning soni 44 ming nafarga, 2040 yilda esa qariyb 94 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Mutaxassislar bu o‘sishni 1935–1950 yillarda tug‘ilgan, tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lgan avlodning uzoq umr ko‘ruvchi yoshga kirishi bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligi ham ortib bormoqda: agar 2010 yilda tug‘ilishda kutilayotgan hayot davomiyligi 73 yilni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 75,1 yilga yetdi.
«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotlariga ko‘ra, uzoq umr ko‘rishdagi asosiy ijtimoiy omil — faol hayot tarzidir. Respondentlarning 76,3 foizi ijtimoiy faollik insonni jismonan va ruhan sog‘lom saqlashini ta’kidlagan. Shuningdek, 38,8 foizi uzoq umrni genetik omillar bilan bog‘lagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchilar sonining ortishi sog‘lom turmush tarzi, ijtimoiy faollik va barqaror oilaviy muhitning natijasidir.





