
O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarning qariyb 40 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi
2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmi ma’lum qilindi.

2025 yilning birinchi to‘qqiz oyi davomida mamlakatda jami 24,9 mlrd AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, bu mablag‘larning 39,9 foizi — Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, Rossiyaning ulushi 7,8 foizni, Turkiyaniki 7,7 foizni tashkil etgan. Saudiya Arabistoni (3,8 foiz), Germaniya (3,5 foiz) va Buyuk Britaniya (3,3 foiz) ham O‘zbekistonning asosiy sarmoyadorlari qatorida bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda mamlakatda Xitoy investitsiyasi ishtirokidagi 4 570 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu O‘zbekistondagi xorijiy hamkorlikdagi korxonalarning katta qismini tashkil etadi.
Shuningdek, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida tashqi savdo aylanmasida ham Xitoy yetakchi davlat bo‘lib qoldi. Savdo hajmi 11,4 mlrd AQSH dollariga yetgan bo‘lib, bu O‘zbekiston tashqi savdosining eng yirik qismi hisoblanadi.





