add

O‘zbekistonda xorijiy paxta navlari ekiladigan maydonlar 500 ming gektarga yetkaziladi

Kecha 18:381712 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yil uchun qishloq xo‘jaligi sohasi oldida turgan qator muhim vazifalarni belgilab berdi.

O‘zbekistonda xorijiy paxta navlari ekiladigan maydonlar 500 ming gektarga yetkaziladi

Bugun, 10-dekabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda prezident 2026 yil uchun soha oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, yangi agrotexnologiya yordamida 76-sxema bo‘yicha paxta yetishtirishni kelgusi yilda ommalashtirib, 891 ming gektarda to‘liq shu sxema bo‘yicha paxta yetishtiriladi. Ko‘sak qurti, gerbitsid, sho‘r va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydonlar 2 karra ko‘paytirilib, 500 ming gektarga olib chiqiladi.

«Yaqinda Samarqand, Jizzax va Sirdaryoda fermerlar va dehqonlar bilan uchrashib, bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan tanishib, juda mamnun bo‘ldim. Ulardagi shijoatni ko‘rib, keyingi yil paxtada 4,5 million, g‘allada 10 million tonnalik xirmonni bemalol uddalash mumkinligiga yana bir bor ishonch hosil qildim», – dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, «Shinjon tajribasi» asosida 300 ming gektarga chigit ekiladi. Buning uchun dalalarda tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratiladi. O‘z mablag‘idan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard so‘m beriladi. Bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitini yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, mahalliy yangi paxta navlarini yaratish ishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, ilmiy markazlarda 56 ta mahalliy navni xorijiy navlar bilan seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligi rivojlantiriladi. Genomika va Paxtachilik ilmiy institutlariga fitotron va issiqxona qurib beriladi.

Paxta yetishtirish uchun birja orqali mineral o‘g‘it va yoqilg‘ini 10-15 foiz arzon narxda yetkazib berish amaliyoti kelgusi yilda ham davom ettiriladi.

Teglar

Mavzuga oid