add

O‘zbekistonda yangi muhandislik va ta’lim markazlari ochiladi

09.09.2025 | 13:1548584

Prezident Mirziyoyev ta’lim tizimini rivojlantirish taqdimoti bilan tanishib, bog‘chalar qamrovini oshirish, muhandislik maktablari ochish va pedagoglar uchun yangi davlat stipendiyasini joriy etishga ko‘rsatma berdi.

O‘zbekistonda yangi muhandislik va ta’lim markazlari ochiladi
8 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda maktabgacha ta’limdan tortib oliy va ilmiy darajalargacha qamrab olgan yangi tashabbuslar ilgari surildi. Yoshlarning iqtidori va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Barkamol avlod» bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda «Yoshlik» sport jamiyati negizida «Kelajak» markazlari tashkil etiladi. Shuningdek, maktablarda o‘quvchilar tashabbusini yo‘naltirish uchun maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish uchun yangi uylar qurilishida aholi soniga mutanosib bog‘chalar barpo etilishi nazarda tutilmoqda. Bog‘chalarda ishlayotgan mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, xususiy sektor ishtirokiga keng yo‘l ochiladi — tadbirkorlarga yer uchastkalari bepul berilib, imtiyozli kredit ajratiladi. 2026–2028 yillarda 14 hududda «Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i faoliyat boshlaydi. Texnika va muhandislik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar ochiladi. Ularda o‘quvchilar saralab olinib, davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. Dars jarayoni STEM modeli asosida tashkil qilinadi. 2026 yildan boshlab Prezident sovrini uchun «Ilg‘or muhandislik maktabi» milliy tanlovi o‘tkaziladi. Shuningdek, Toshkentda N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, «ToshTech» texnika universiteti va Olmaliq davlat texnika instituti ochilishi rejalashtirilgan. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilikka qiziqqan yoshlar uchun ilk bor Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3–4 kurs talabalariga beriladi. Shuningdek, fan va innovatsiya sohasida ham qator islohotlar ko‘zda tutilgan. Doktorantura kvotalari mamlakat rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda belgilanadi. Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni yanada kuchaytiriladi. Prezident bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi va ularni tizimli hamda sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda yangi muhandislik va ta’lim markazlari ochiladi | Vaqt.uz