
O‘zbekistonda yarim yilda 6 mingdan ortiq shaxs zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlik uchun sudlangan
05.08.2025 | 15:3043813
2025 yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘ylab 5 mingga yaqin shaxs oiladagi zo‘ravonlik, qariyb ming kishi shahvoniy shilqimlikda ayblanib sudlangan. Yana 99 nafar shaxs shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy oshkor qilgani uchun javobgarlikka tortilgan.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi («Oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik») bo‘yicha 4952 kishi sudlangan. Ulardan 3200 nafariga jarima, 1752 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shu davrda Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi bilan 231 shaxs jinoyatda aybdor deb topilgan. Ulardan 65 nafari ozodlikdan mahrum qilingan, qolgan 166 nafar shaxsga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi («Shahvoniy shilqimlik qilish») bo‘yicha 986 shaxs javobgarlikka tortilgan. Ulardan 358 nafarga jarima, 628 nafarga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 141−3-moddasi («Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir saqlanadigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish») bo‘yicha 99 nafar shaxs sudlangan. Ulardan 24 nafarga ozodlikdan mahrum qilish, 75 nafarga esa yengilroq jazo belgilangan.
2023 yil aprelida qabul qilingan qonunga ko‘ra, ushbu moddalar Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga kiritilgan. Qonun kuchga kirganidan beri o‘tgan 9 oyda 9100 dan ortiq shaxs oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 15 mingdan oshgan.
Avvalroq, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarida 9 mingdan ortiq shaxs jazoga tortilganligi hafida xabar bergan edik.





