add

O‘zbekistonda yil boshidan beri 7 milliondan ortiq pirotexnika musodara qilindi

Bugun 16:351241 daqiqa

2025 yil boshidan buyon O‘zbekiston bojxona organlari tomonidan noqonuniy muomaladan umumiy qiymati 2,3 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan pirotexnika buyumlari olib qo‘yilgan.

O‘zbekistonda yil boshidan beri 7 milliondan ortiq pirotexnika musodara qilindi

2025 yil davomida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar va nazorat jarayonlari natijasida bojxona organlari jami 119 ta holatda pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, ushlab qolingan pirotexnika vositalarining umumiy soni 7,25 million donadan oshib, ularning qiymati 2,3 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Aniqlangan holatlarning 10 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 80 ta holatda esa ma’muriy ishlar yuritilgan.

Noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan barcha pirotexnika buyumlari xavfsizlik talablariga muvofiq ravishda vaqtincha saqlash uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmalariga topshirilgan. Qayd etilishicha, joriy yilda ham Bojxona qo‘mitasi FVV bilan hamkorlikda keng jamoatchilik ishtirokida pirotexnika vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha maxsus tadbir o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Bojxona qo‘mitasi fuqarolarni pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga doir holatlarga duch kelganda, kechayu kunduz ishlaydigan 1108 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali xabar berishga chaqirdi.

Ma’lumot o‘rnida, xavflilikning II klassiga kiruvchi maishiy pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, olib kirish, saqlash va foydalanish qonun bilan taqiqlangan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday huquqbuzarliklar uchun BHMning 50 baravarigacha ma’muriy jarima, og‘ir holatlarda esa jinoiy javobgarlik belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid