
O‘zbekistonda yil boshidan beri bozor xizmatlari hajmi 818 trln so‘mdan oshdi
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ulush Toshkent shahri, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida qayd etildi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida bozor xizmatlari hajmi 818 trln 485 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 14,4 foizga oshdi.
Qayd etilishicha, bozor xizmatlarining umumiy hajmida Toshkent shahrining ulushi 38,1 foiz, ya’ni 312,2 trln so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, viloyatlar kesimida eng yuqori ulushlar Samarqand (60,3 trln so‘m), Farg‘ona (55,5 trln so‘m) va Toshkent viloyatida (55,2 trln so‘m) kuzatildi.
Shuningdek, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 21 mln 649,5 ming so‘mni tashkil etdi. 2024 yilning mos davridagi (17 mln 730,4 ming so‘m) ko‘rsatkichga nisbatan 3 mln 919,1 ming so‘mga oshdi.
Ushbu davrda aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, 99 mln 483,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davri bilan solishtirganda 19 mln 283,4 ming so‘mga oshdi. Shuningdek, nisbatan yuqori hajmni Navoiy (18,2 mln so‘m), Toshkent (17,6 mln so‘m) va Buxoro (15,9 mln so‘m) viloyatlari egalladi. Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlarining nisbatan past ko‘rsatkichi Surxondaryo viloyatida (9,2 mln so‘m) qayd etildi.





