
O‘zbekistondagi 8 mlrd so‘mlik tenderda tanish-bilishchilikning «hidi kelmoqda»
17.07.2025 | 19:2126563
O‘zbekiston Texnologik metallar kombinati tomonidan texnogen chiqindilarni ko‘chirish xizmati bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 8 mlrd so‘mlik tanlov e’lon qilindi. 13 iyun kuni Davlat xaridlari portalida mazkur tender ma’lumotlari e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, g‘olib tashkilot Angren va Yangi Angren issiqlik elektrstansiyalaridan kulshlak(yoqilg‘i yoqishdan qolgan qoldirlar)ni maxsus maydonlarga tashish xizmatini bajaradi.
Tanlov natijasiga ko‘ra, 7,52 mlrd so‘mlik taklif bilan «STRONG CONSTRUCTION MANTLE» MCHJ g‘olib deb topilgan. Ikkinchi o‘rinni egallagan va zahira g‘olibi sifatida qayd etilgan «MIRALI LOGISTIKS» MCHJ esa aynan shu kompaniya bilan bir xil manzilda — Chirchiq shahri, Axmad Yassaviy MFY, Tiklanish ko‘chasi 24a uyda joylashgan.
Bu holat tenderda raqobat haqiqatan ham mavjud bo‘lganmi, degan savollarni paydo qilmoqda. Har ikki kompaniyaning bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgani ular o‘rtasida mulkiy yoki tashkiliy bog‘liqlik bo‘lishi ehtimolini ko‘rsatadi.
«Ishtirokchilarning takliflarini baholashda tanlov hujjatlarida ishlab chiqilgan baholash mezonlariga rioya qilinmagan, ya’ni zaxira ishtirokchisiga asossiz pasaytirilgan ballar qo‘yilgan. Bu bilan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuning 32-moddasiga rioya qilinmagan», - deydi «State procurements» Telegram-kanali egasi.





