
O‘zbekistondagi eng ko‘p xorijlik talabalar — hindistonliklar
04.08.2025 | 10:3016703
2025 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda ta’lim olish maqsadida kelgan chet elliklar soni 9,5 ming nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 ming nafarga yoki 17,3 foizga ko‘pdir.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, xorijlik talabalar soni o‘sishi mamlakatdagi oliy ta’lim tizimi va xalqaro hamkorlikning kengayishi bilan izohlanmoqda.
Hindiston fuqarolari O‘zbekistonda ta’lim olish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi — 2 780 nafar. Ikkinchi o‘rinni Turkmaniston egallab, 2 622 nafar talabani yuborgan. Uchinchi o‘rinda esa Tojikiston turibdi — 1 145 nafar.
Shuningdek, Xitoydan 459 nafar, Janubiy Koreyadan 381 nafar, Pokistondan 348 nafar, Qirg‘iz Respublikasidan 263 nafar, AQSHdan 232 nafar, Afg‘onistondan 167 nafar va Turkiyadan 161 nafar talaba kelgan.
Bundan tashqari, turli boshqa davlatlardan ham 988 nafar talabalar O‘zbekistonda ta’lim olishni tanlagan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlarining akademik imkoniyatlari, xalqaro talabalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va arzon o‘qish imkoniyatlari ushbu ko‘rsatkichning o‘sishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda xalqaro ta’lim aloqalarini rivojlantirish, xorijlik talabalar uchun ta’lim sifatini va infratuzilmani yanada yaxshilash bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Bu esa mamlakatni mintaqa bo‘yicha bilim markazlaridan biriga aylantirish maqsadini ko‘zlaydi.





