
O‘zbekistondagi maktablarda britaniyalik 500 ga yaqin o‘qituvchilar ish boshlashi mumkin
23.05.2025 | 16:4536353
O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Xilola Umarova Londondagi elchixonada «El-yurt umidi» stipendiatlari bilan uchrashdi, shuningdek, Britaniya ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishdi.

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Buyuk Britaniyaga xizmat safari doirasida Londonda «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentning «Prezidentning iqtidorli bolalar tashabbusi»ga oid farmoni mazmuni va mamlakatda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur muloqotdan tashqari, vazir Britaniyaning qator nufuzli ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda asosiy e’tibor xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston maktablarida faoliyat yuritishga jalb qilish masalasiga qaratildi.
Ushbu muzokaralar natijasida Xalqaro «Volunteers Services Overseas» (VSO) tashkiloti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, yaqin vaqt ichida Buyuk Britaniyadan 500 nafarga yaqin yuqori malakali o‘qituvchi va volontyorlar O‘zbekistondagi maktablarda ish boshlashi rejalashtirilmoqda.
Bu qadam mamlakatda ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy pedagogik usullarni tatbiq qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mazkur loyiha mahalliy o‘qituvchilarning malakasini oshirish va o‘quvchilarning bilim olish muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.





