add

O‘zbekistonga biznes maqsadida kelgan xorijliklar soni 2 barobar oshdi

23.01.2026 | 14:251 daqiqa

2025 yil davomida O‘zbekistonga tijorat maqsadida tashrif buyurgan xorijliklar sonida keskin o‘sish kuzatildi.

O‘zbekistonga biznes maqsadida kelgan xorijliklar soni 2 barobar oshdi

O‘zbekistonga biznes va tijorat faoliyati uchun kelayotgan xorijiy fuqarolar oqimi sezilarli darajada oshdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida 446,8 ming nafar chet el fuqarosi tijorat maqsadida mamlakatga tashrif buyurgan.

Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 247,8 ming nafarga ko‘p bo‘lib, o‘sish sur’ati 2,2 barobarni tashkil etdi.

Qaysi davlat fuqarolari yetakchi?

2025 yilda tijorat maqsadida O‘zbekistonga kelgan xorijliklar tarkibida eng katta ulush Afg‘oniston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu davlatdan 415 577 nafar kishi mamlakatga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich umumiy soning katta qismini tashkil etmoqda.

Tojikistondan 17 962 nafar, Turkmanistondan 9 048 nafar fuqaro tijorat maqsadida O‘zbekistonga kelgan. Rossiyadan 728 nafar, Qozog‘istondan 589 nafar va Turkiyadan 587 nafar xorijlik biznes safari bilan tashrif buyurgan. Shuningdek, boshqa davlatlar hissasiga 2 355 nafar kishi to‘g‘ri keldi.

Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilda O‘zbekistonga jami 11,7 million nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Sayyohlar soni 2024 yilning mos davri bilan solishtirilganda 3,7 million nafarga yoki 46,8 foizga oshgan.

Bunda eng ko‘p sayyohlar qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan. Jumladan, Qirg‘izistondan 3,3 million nafar fuqaro O‘zbekistonga kelgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Tojikiston va Qozog‘iston egallab, har ikki davlatdan 2,7 million nafardan turist tashrif buyurgan.

Teglar

Mavzuga oid