
O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni oshmoqda
25.06.2025 | 19:005713
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida 3,1 million nafar xorijlik O‘zbekistonga keldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 46,4 foizga ko‘pdir. Sayyohlar asosan qarindoshlarini yo‘qlash va sayyohlik maqsadida kelgan.

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatga 3,1 million nafar xorijlik fuqaro tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 987,9 ming nafarga yoki 46,4 foizga ko‘proqdir.
Chet ellik mehmonlar O‘zbekistonga asosan qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida kelgani qayd etilgan. Bu toifa 2,1 million nafarni tashkil etgan. Sayyohlik maqsadida kelganlar soni 434,4 ming nafarga yetgan. Xizmat yuzasidan tashrif buyurgan xorijliklar soni 374,6 ming nafar bo‘ldi.
Shuningdek, tijorat maqsadida 152,1 ming nafar xorijlik kelgani, davolanish uchun 33,3 ming nafar sayyoh O‘zbekistonni tanlagani ma’lum qilindi. Mamlakatga o‘qish maqsadida tashrif buyurganlar soni esa 7,9 ming nafarni tashkil etgan.
Mutasaddilarga ko‘ra, xorijliklarning mamlakatga tashrifi yildan yilga ortib borayotgani O‘zbekiston turizm salohiyatining o‘sib borayotganidan dalolat beradi. Turli maqsadlarda kelayotgan mehmonlar oqimi mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
2025 yilning dastlabki to‘rt oyidagi bu ko‘rsatkich turizm sohasida faol ish olib borilayotganining yorqin misoli sifatida baholanmoqda.





