
O‘zbekistonga o‘qish uchun kelgan xorijliklar soni keskin oshdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Koreya, Xitoy kabi mamlakatlardan ham ko‘plar kishilar O‘zbekistonga ta’lim olish maqsadida kelishgan.

2025 yilda O‘zbekiston xorijlik talabalar uchun yanada jozibador ta’lim yo‘nalishiga aylandi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida jami 37,2 ming nafar chet el fuqarosi o‘qish maqsadida mamlakatga tashrif buyurgan.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davri bilan solishtirilganda 54,3 foizga oshgan. Ta’lim maqsadida kelganlar orasida eng katta ulush 16,3 ming nafar bilan Hindistonga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (8,9 ming) va Tojikiston (2,7 ming) joy olgan.
Shuningdek, Pokistondan 1,7 ming, Xitoydan 1,4 ming, Janubiy Koreyadan 870 nafar talabalar O‘zbekistonda ta’lim olishni tanlagan. Qo‘shni Qirg‘izistondan ham 823 nafar fuqaro o‘qish uchun kelgan.
Ro‘yxatda, shuningdek, Misr, Filippin, AQSH, Turkiya, Afg‘oniston va Iordaniya kabi davlatlar ham bor.
Yevropa va boshqa mintaqalardan kelgan talabalar orasida Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Eron, Qozog‘iston, Bangladesh va Italiya fuqarolari qayd etilgan.





