
O‘zbekistonga tijorat maqsadida kelayotgan xorijliklar soni keskin ortdi
05.08.2025 | 11:4522522
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–iyun oylarida 223,6 ming nafar chet el fuqarosi tijorat maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 158,6 ming nafarga ko‘p bo‘lib, o‘sish 3,4 barobarni tashkil etdi.

Tashrif buyurganlarning asosiy qismini Afg‘oniston fuqarolari tashkil qiladi — 207,5 ming kishi. Shuningdek, Tojikistondan 12,2 ming, Turkmanistondan 1,6 ming kishi kelgan. Rossiya (451), Turkiya (276) va Qozog‘istondan (255) tashriflar nisbatan kamroq qayd etilgan.
Statistikaga ko‘ra, tijorat maqsadida kelgan xorijliklar sonining keskin ortishi mamlakatda biznes aloqalari faollashganini va savdo-investitsiya muhitining kengayayotganini ko‘rsatadi. Bu holat ayniqsa qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarida faollik oshganini anglatadi.
Ekspertlar fikricha, bunday dinamika kelgusida xorijiy sarmoyalar hajmi va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qilishi mumkin.





