add

O‘zbekistonga yashirincha olib kirilgan 5,3 milliard so‘mlik dori vositalari fosh etildi

29.05.2025 | 10:4540033

Rossiya va Qozog‘istondan noqonuniy yo‘l bilan O‘zbekistonga olib kirilgan umumiy qiymati 5 milliard 353 million so‘m bo‘lgan 52 mingdan ortiq dori vositalari aniqlandi.

O‘zbekistonga yashirincha olib kirilgan 5,3 milliard so‘mlik dori vositalari fosh etildi
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ikki «GAZ» rusumli yuk mashinasi orqali olib kelingan mazkur dori vositalari Toshkent viloyatidagi «Yallama» chegara-bojxona posti orqali mamlakatga kiritilgan. Ular rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar nomiga yuborilgan bo‘lib, «qizil yo‘lak» orqali to‘liq bojxona nazoratidan o‘tishi lozim edi. Biroq, xizmat vazifasini to‘liq bajarmagan bojxona inspektori tomonidan mashinalar yo‘lda nazoratsiz qoldirilgan va bu haydovchilarga yo‘nalishni o‘zgartirish imkonini bergan. Ular Yuqori Chirchiq tumanidagi fuqarolardan birining xonadoniga borib, yuklarni shu yerda tushirib ketishgan. 214 turdagi, jami 52 459 dona dori vositalari kitoblar, kiyim-kechak va aksessuarlar orasida yashirilgan holda olib kirilgan. Ular orasida «Aktovegin», «Kleksan» va «Remaksol» kabi muhim tibbiy preparatlar ham mavjud. Shuningdek, tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, shaxsi hali aniqlanmagan Qozog‘iston fuqarosi dorilarni chegaradan noqonuniy o‘tkazish evaziga haydovchilarga 2000 AQSH dollari taklif qilgan. Hozirda yuk mashinalari haydovchilari va dori vositalarini qabul qilgan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi (kontrabanda) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, xizmat vazifasini suiste’mol qilgan bojxona xodimining harakatlariga nisbatan ham alohida huquqiy baho berilishi belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid