
O‘zbekistonlik sayyohlarning soni keskin ortdi
05.06.2025 | 22:304122
2025 yilning dastlabki to‘rt oyi mobaynida sayyohlik maqsadida chet elga chiqqan o‘zbekistonliklar soni 400 mingga yaqinlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Yanvar-aprel oylarida jami 2,1 million nafar O‘zbekiston fuqarosi turli maqsadlarda xorijiy davlatlarga safar qilgan. Ulardan 399,1 ming nafari aynan sayyohlik uchun chet elga chiqqan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 404,5 ming nafarga yoki 23,6 foizga ko‘p.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolarning xorijga chiqishi asosan qarindoshlarni yo‘qlash bilan bog‘liq bo‘lib, bu maqsadda 1,7 million kishi safar qilgan. Sayyohlik ikkinchi o‘rinda turibdi. Bundan tashqari, 15,2 ming kishi davolanish, 9,9 ming kishi o‘qish va 4,7 ming kishi xizmat safari maqsadida chet elga chiqqan.
Hukumat va xususiy turistik kompaniyalar tomonidan yangi sayohat marshrutlari taklif qilinayotgani va viza talablarining yengillashishi fuqarolarni xorijiy safarlarga rag‘batlantirayotgan asosiy omillardan hisoblanadi.





