
O‘zbekistonliklar 1 yilda sog‘liqni saqlash xizmatlariga salkam 20 trln so‘m sarfladi
2025 yilda aholi tibbiy xizmatlarga rekord miqdorda mablag‘ yo‘naltirib, mazkur xizmatlar hajmi sezilarli darajada o‘sdi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 19,9 trln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 14,2 foizga oshganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar bo‘yicha yetakchilar
Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, poytaxtda tibbiy xizmatlar hajmi 9,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bu respublika bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichning qariyb yarmiga yaqindir. Toshkent viloyatida mazkur ko‘rsatkich 2 trln so‘mga yetdi.
Samarqand viloyatida sog‘liqni saqlash xizmatlari 1,5 trln so‘m, Farg‘ona viloyatida 1,3 trln so‘mni tashkil qildi. Namangan va Andijon viloyatlarida esa hajm mos ravishda 900,9 mlrd va 884,8 mlrd so‘m darajasida qayd etildi.
Quyi ko‘rsatkichli hududlar
Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida tibbiy xizmatlar hajmi 678–785 mlrd so‘m oralig‘ida bo‘ldi. Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida bu ko‘rsatkich 500 mlrd so‘m atrofida qayd etildi.
Eng past hajmlar Sirdaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatiga to‘g‘ri kelib, bu hududlarda sog‘liqni saqlash xizmatlari 327–360 mlrd so‘m atrofida shakllandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish va sohada 20 ta sun’iy intellekt loyihasini ishga tushirish orqali xizmatlar sifati hamda boshqaruv samaradorligini oshirish rejalashtirilgani haqida xabar bergandik.


