
O‘zbekistonliklar 2025 yilda kredit olishni keskin ko‘paytirdi
Yil davomida mamlakat aholisi 156,9 trln so‘mlik kredit rasmiylashtirdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 49,9 foizga ko‘proq bo‘ldi.

2025 yilda O‘zbekiston aholisi banklardan 156,9 trln so‘mlik kredit oldi. Mazkur ko‘rsatkich Markaziy bankning statistik byulletenidan ma’lum bo‘ldi.
O‘tgan yili aholi orasida kredit olish sezilarli oshgan — 49,9 foizga. Taqqoslash uchun 2024 yilda o‘sish atiga 4,4 foizni tashkil qilgandi.
Yil davomida banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning deyarli yarmi (45,8 foiz) mikroqarzlar bo‘ldi. Aholi 71,8 trln so‘mlik mikroqarz oldi va bu 2024 yilga nisbatan 56,7 foizga oshdi.

Ikkinchi o‘rindan YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ajratiladigan mikrokreditlar joy oldi — 28,5 trln so‘m (+63,5 foiz).
Keyingi o‘rinlarda iste’mol kreditlari (23,2 trln so‘m), avtokredit (21,6 trln so‘m) va ipoteka krediti (21,2 trln so‘m) bormoqda.
Avtokreditlar yana ko‘paygan
2025 yilda ajratilgan avtokreditlar miqdori 26,2 foizga oshib, 21,6 trln so‘mga yetdi. 2023 yilda avtokredit o‘zbekistonliklar orasida eng ommabop kredit edi.
O‘sha paytlarda avtokreditlar shu qadar ommalashib ketdiki, Markaziy bank 2023 yilning ikkinchi yarimda banklarga avtokredit ajratishda cheklovlar joriy qildi.
Shundan beri O‘zbekiston banklari avtokreditni faqatgina kredit portfeliga nisbatan 25 foizgacha ajratishi mumkin.
Avtokredit ajratish keskin ortgani ortidan avtomobil bozorida narxlar oshib ketgandi. 25 foizlik chegara joriy qilingach narx sezilarli pasaydi va bu hozirgacha davom etmoqda.
Mikroqarzlarga ham chegara reja qilingan
Markaziy bank risklarni oldini olish maqsadida mikroqarzlar uchun ham 25 foizlik chegara joriy qilmoqchi.
Regulyator 2025 yilda bu borada qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi. Unda ajratilgan mikroqarzlar (shu jumladan, overdraft va kredit kartasi) summasi bankning jami kredit portfelidagi ulushi 25 foizdan oshmasligi ko‘rsatilgan.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida TBC Group Uzbekistan xalqaro biznes bo‘limi rahbari Oliver Xyuz Markaziy bankning mikroqarzlarga 25 foizlik chegarasi 2029 yildan boshlab amal qilishini aytgandi.
“Regulyator tomonidan bir qancha talablar bor va biz bu yerda juda aktiv nazorat qilinamiz. Deyarli har haftada yangi qoidalar paydo bo‘ladi. Biroq regulyatorlarning vazifasi shu, ular iste’molchilar va biznes egalari uchun xavfsizlikni ta’minlashni xohlaydi.
Markaziy bank mikroqarzlarga 25 foizlik chegarani 2029 yil 1-yanvardan boshlab o‘rnatadi. Shu sababli bu asta-sekin sodir bo‘ladigan moslashuv jarayoni. Shunday qilib mikroqarzlarga yangi 25 foizlik, avtokreditlarga bir necha yildan beri amal qilib kelayotgan 25 foizlik chegara bo‘ladi. Boshqa mahsulotlar cheklovlarsiz qolmoqda”, — degan edi Xyuz.
Banklar bu yangi talabga moslashishni allaqachon boshlab yuborgan. Sababi ayni paytda bir nechta bankning kredit portfelining asosiy qismi mikroqarzlardan iborat.
Bo‘lajak cheklov ta’siri 2025 yilning IV choragidayoq sezilishni boshlagan. Iyulda banklar aholiga 7,4 trln so‘mlik rekord darajada mikroqarz bergan bo‘lsa, yilning so‘nggi uch oyida bu ko‘rsatkich 4–4,6 trln so‘m oralig‘ida bo‘lgan. Bu esa 2024 yilgi daraja.
Shu sababli kelasi yillarda mikroqarz ajratish avtokreditlar kabi pasayuvchi tendensiyaga o‘tishini kutish mumkin. Avtokreditlar uchun 25 foizlik chegara qo‘llanilgach, avtokredit ajratish keskin kamayib ketgandi.





