
O‘zbekistonliklar kredit mablag‘larini asosan uy-joy va avtomobil xarid qilishga yo‘naltirmoqda
09.06.2025 | 13:206754
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining katta qismi kredit mablag‘larini ko‘chmas mulk, avtomashina va iste’mol tovarlarini xarid qilish uchun ishlatmoqda. Shu bilan birga, qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lashda ko‘pchilik qiyinchilikka duch kelmoqda.
Markaziy bank moliyaviy barqarorlik bo‘yicha e’lon qilgan hisobotda qayd etilishicha, aholining katta qismi o‘zining yoki oila a’zolarining kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida ado etishda muammolarga uchramoqda. Ushbu ma’lumotlar yil boshida 3 546 nafar ishtirokchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan.
Ishtirokchilarning yarmi to‘rt yoki besh nafarlik oilada yashaydi. Ular moliya, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, savdo va tibbiyot sohalarida faoliyat yuritishadi. So‘rovda qatnashganlarning 78 foizi oylik daromadi 12 million so‘mgacha ekanini bildirgan, shulardan to‘rtinchi qismi qo‘shimcha daromadga ega.
Respondentlarning 73 foizida bank yoki bankdan tashqari kredit majburiyati bor. Ulardan 64 foizi bankka, 19 foizi esa boshqa manbalarga ham qarzdor. Qarzlarning 43 foizi uy-joy sotib olish yoki ta’mirlash, avtomashina va maishiy texnika sotib olish uchun olingan.
Faqatgina 5 foizdan kam respondentlar to‘y, davolanish yoki tadbirkorlik maqsadida kredit olganini bildirgan.
Qarzdorlik yuki haqida gap ketganda, so‘rovda qatnashganlarning 70 foizi oyiga 6 mln so‘mgacha to‘lov amalga oshiradi. Ulardan 25 foizining oylik to‘lovi 2−4 mln so‘mni tashkil etadi. Qarz to‘lash muddati 2−5 yil va undan ortiq bo‘lganlar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, qarzdorlarning 64 foizi to‘lovda qiyinchilikka duch kelmoqda. Shulardan yarmi keyingi olti oyda moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga umid bildirgan. 41 foizi hech qanday o‘zgarish bo‘lmasligini aytgan, 11 foizi esa yomonlashishi mumkinligini bildirgan.
Kelgusi yarim yilda yana qarz olishga ehtiyoj borligini 20 foiz aholi tan olgan. Ular mablag‘ni asosan uy-joy xaridi yoki ta’mirlashga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida fuqarolar tomonidan olingan kreditlarning yarmidan ko‘prog‘i mikroqarzlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Mikroqarzlar hajmi 2,3 barobarga oshib, 18,7 trln so‘mni tashkil etdi. Mikrokreditlar esa 1,9 barobarga o‘sib, 5,5 trln so‘mga yetdi.





