
O‘zbekistonliklar qo‘lida qancha naqd pul bor?
2025 yilda aholi qo‘lidagi naqd pul rekord darajaga yetdi. Biroq, so‘nggi 10 yil ichida muomaladagi naqd pullarning umumiy pullarga nisbati qisqarib bormoqda.

Markaziy bank 2025 yil yakunlari bo‘yicha pul agregatlari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda keng ma’nodagi pul massasi (M2) 36,6 foizga o‘sib, 378,6 trln so‘mga yetdi. Bu iqtisodiyotda qancha real pul borligini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyotda so‘mdagi pullarni anglatuvchi — milliy valutadagi pul massasi yil davomida 40,4 foizga ko‘paydi va 309 trln so‘mni tashkil qildi.
Muomaladagi naqd pullar esa 53,3 trln so‘mdan 63,5 trln so‘mgacha o‘sdi. Aholining qo‘lida hozirda aynan shuncha naqd pul mavjud. Bu ko‘rsatkich 2025 yilda 28,4 foizga yuqoriladi.
Bundan tashqari, yil davomida so‘mdagi talab qilib olinguncha depozitlar 76,3 trln so‘m (+15,2 trln so‘m), so‘mdagi boshqa depozitlar 164,3 trln so‘m (+58,6 trln so‘m), chet el valutasidagi depozitlar 69,5 trln so‘mga (+12,6 trln so‘m) yetdi.
Infografikada pul agregatlari 2013 yildan beri qanday o‘zgarayotgani haqida ma’lumot olishingiz mumkin. Masalan, bundan 10 yil avval odamlar qo‘lida 10,6 trln so‘m naqd pul bor edi.
Shunga qaramay, aholi qo‘lidagi naqd pulning so‘mdagi umumiy pullarga nisbati bu davrda 29,4 foizdan 22,1 foizga pasaygan. Ya’ni, naqd pul miqdori ko‘payib borayotgan bo‘lsada, ularning pullardagi ulushi kamaymoqda.
Keng ma’nodagi pul massasi (M2) Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) “Pul-kredit va moliyaviy statistikani shakllantirish qo‘llanmasi”dagi konsepsiya va tasniflarga muvofiq Markaziy bank va banklarning majburiyatlari bo‘yicha olingan ma’lumotlari asosida hisoblangan.
M2 o‘z ichiga muomaladagi naqd pullarni hamda boshqa moliyaviy tashkilotlar, davlat nomoliyaviy tashkilotlar, xususiy sektor hamda aholining milliy va chet el valutasidagi talab qilib olinguncha, jamg‘arma va muddatli depozitlarni oladi.
Tor ma’nodagi pul massasiga (M1) muomaladagi naqd pullar va milliy valutadagi talab qilib olinguncha depozitlar kiradi





