add

O‘zbekistonliklarni fevralda qanday ob-havo kutmoqda?O‘zgidromet prognozlarini e’lon qildi

29.01.2026 | 23:043 daqiqa

Unga ko‘ra, fevralning birinchi besh kunligi nam ob-havo bilan boshlanadi, mamlakat bo‘ylab tez-tez yomg‘ir yog‘adi.

O‘zbekistonliklarni fevralda qanday ob-havo kutmoqda?O‘zgidromet prognozlarini e’lon qildi

2026 yilning fevral oyi yanvarga nisbatan o‘rtacha 2-3 darajaga, tog‘larda 1-1,5 darajaga iliqroq bo‘ladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi prognozlarida keltirilgan.

Fevral oyining birinchi besh kunligi nam ob-havo bilan boshlanadi, respublika bo‘yicha asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin kechalari 5-10 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 13-18 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Keyinchalik, oyning oxirigacha, harorat kechalari 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 5-10 daraja iliqdan 13-18 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Har o‘n kunlikda ayrim kunlarda 2-3 kundan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda.

Bahoriy iliqlik va yomg‘irlar

O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun fevral oyidagi maksimal haroratning mutlaq rekordlari 24-29 daraja issiqni, janubda ba’zi joylarda 30-32 daraja issiqni tashkil etgan. Respublika hududining katta qismida bu rekordlar 2016 va 2021 yillarda o‘rnatilgan.

Ushbu asrda 2004, 2016 va 2021 yillarning fevral oylari eng issiq bo‘lib, o‘rtacha oylik harorat iqlim me’yoridan 3-6 darajaga yuqoridir. Bu yillarda, eng issiq davrlarda, havo harorati 22-27 daraja iliqqacha, janubda 28-30 daraja iliqqacha ko‘tarildi, bu bahor fasining o‘rtalariga xosdir.

Ammo eng iliq yillarda ham fevral hali ham qish oyi ekanligini unutmaydi. Ko‘pincha havoni jadal isishidan so‘ng qisqa muddatga qishki sovuqlar qaytadi. Shunday qilib, 2021 yilning fevral oyida anomal iliq ob-havodan so‘ng (me’yordan 8-13 darajaga yuqori), oyning oxirgi haftasida havo harorati 10-15 daraja sovuqqacha pasaygan edi.

Eng sovuq fevral

XXI asrda 2014 yilning fevral oyi eng sovuq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat me’yordan 4-8 darajaga past bo‘lishi kuzatilgan. Respublika hududining katta qismida minimal havo harorati 17-22 daraja sovuqqacha, shimolda 25-30 daraja sovuqqacha pasaygan. Respublikaning ko‘pchilik hududlarida XXI asrdagi barcha fevral oylari uchun bu eng past harorat bo‘ldi.

Biroq, 2014 yilning fevral oyidagi sovuqlar kuzatuvlarning tarixiy qatori uchun minimal havo haroratining mutlaq rekordlariga nisbatan kuchsiz bo‘lib, hududning katta qismida harorat 22-27 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 32 daraja sovuqqacha, Ustyurtda 38-40 daraja sovuqqacha pasaygan. Faqat Surxondaryo viloyati bo‘yicha minimal havo haroratining mutlaq rekordi ushbu asrga tegishlidir. 2014 yil fevral oyida harorat 20-22 daraja sovuqqacha pasaygan edi.

Eng quruq fevral

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida fevral oyi yil uchun yog‘ingarchilik eng ko‘p kuzatiladigan oydir. Shunga qaramay, fevral oyi yog‘ingarchilik miqdori, hamda harorat tartibi bo‘yicha ham turli xil bo‘ladi. Ushbu asrda 2016 yilning fevral oyi eng quruq bo‘lib, barcha hududlar bo‘yicha yog‘ingarchilik oylik me’yorning 20 foizdan kam bo‘lgan.

Eng ko‘p yomg‘ir yog‘gan fevral

Hududning katta qismida 2010 yil fevral oyida yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lib, oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 200 foizdan 300 foizgacha bo‘lgan edi. Tekislik hududlar bo‘yicha fevral oyida yog‘ingarchilik tez-tez aralash ko‘rinishda (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, lekin qor qoplami kamdan-kam hollarda shakllanadi va 2-5 kundan ko‘p saqlanib turmaydi.

Eng ko‘p qor yog‘gan fevral

Bu asrda qor qoplami eng uzoq kuzatilgan davr 2008 yil fevral oyida qayd etilgan. Respublikaning markaziy hududlari bo‘yicha qor qoplami kuzatilgan kunlar soni 20-25 kunni, janubiy viloyatlarda 8-15 kunni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid