
O‘zbekistonliklarning chet davlatda tug‘ilgan farzandi O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadimi?
Qonunchilikka ko‘ra, bolaning qayerda tug‘ilgani emas, ota-onasining fuqaroligi hal qiluvchi omil hisoblanadi.

O‘zbekiston fuqarolarining chet davlat hududida farzandli bo‘lishi amalda fuqarolik masalalarida ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bolaning tug‘ilgan joyi uning fuqarolik maqomini belgilab bermaydi. Asosiy mezon — tug‘ilgan paytda ota-onasining fuqaroligi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, bola tug‘ilgan joyidan qat’i nazar, agar tug‘ilgan vaqtda uning ota-onasi yoki yolg‘iz ota-onasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, bola tug‘ilganlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi. Shuningdek, agar ota-onaning biri O‘zbekiston fuqarosi, ikkinchisi esa fuqaroligi bo‘lmagan shaxs yoki bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa ham, bola O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.
Ariza talabi va istisnolar
Qonunchilikda muhim jihat sifatida shu shart belgilanganki, bolaga O‘zbekiston fuqaroligini rasman rasmiylashtirish ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilning iltimosnomasi asosida amalga oshiriladi. Ya’ni fuqarolik avtomatik tarzda emas, tegishli tartib-taomillar orqali rasmiylashtiriladi.
Agar ota-onaning biri O‘zbekiston fuqarosi, ikkinchisi chet davlat fuqarosi bo‘lsa ham, bola tug‘ilganlik bo‘yicha O‘zbekiston fuqaroligini olish huquqiga ega. Shuningdek, otasi yoxud onasi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan bolaga otalik yoxud onalik belgilangan yoki tan olingan taqdirda, bola, tug‘ilgan joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini oladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilgan, ota-onasi (yolg‘iz otasi yoki onasi) u tug‘ilgan paytda chet davlat fuqarolari bo‘lgan yoxud ota-onasidan biri chet davlat fuqarosi, boshqasi esa fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lgan bola tug‘ilganlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olmaydi.





