
«O‘zbekkosmos» dala yong‘inlarini kuzatish uchun yangi portal ishga tushirdi
01.07.2025 | 16:0046283
Fuqarolar hududiy yong‘inlar haqida onlayn ma’lumot olish va xabar yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yoz fasli kirishi bilan dalalarda yong‘inlar ko‘paymoqda. Bu ayniqsa bug‘doy yig‘im-terimi tugagach, ba’zi fermerlar va aholi tomonidan boshoq poyalarini yoqish oqibatida yuzaga kelmoqda. Bunday yong‘inlar havoni ifloslantiradi, atrof-muhit va odamlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
«O‘zbekkosmos» agentligi bu muammoning oldini olish va jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida dala¬yongini.cmspace.uz manzilida maxsus portal ishga tushirdi. Ushbu platforma orqali fuqarolar real vaqt rejimida respublika hududlaridagi dala yong‘inlari, ularning joylashuvi va hajmi haqida to‘liq ma’lumot olishlari mumkin.
Shuningdek, agentlik tomonidan Telegram messenjerida _@UzCosmos_Yongin_bot ishga tushirildi. Foydalanuvchilar ushbu bot orqali dala yong‘inlariga guvoh bo‘lgan hollarda agentlikka surat va manzilni tezkor ravishda yuborishlari mumkin. Bu vosita orqali yong‘inlar haqidagi ma’lumotlar tezroq mas’ul idoralarga yetib borishi ta’minlanadi.
Dala yong‘inlari tabiiy muhitga jiddiy zarar yetkazadi. Ular qushlar, sut emizuvchilar, hasharotlar hayotini yo‘q qilishi, yer unumdorligini pasaytirishi va global isish jarayonini kuchaytirishi mumkin. Shu bois profilaktik choralarni o‘z vaqtida ko‘rish va jamoaviy mas’uliyatni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.





