
O‘zbeklarni haqoratlagan tiktoker 3 yil 1 oyga qamaldi
21.08.2025 | 12:0035713
«Abdulloh» taxallusi bilan tanilgan tiktoker Yugay Valeriy O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish hamda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilindi.

Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatida yashovchi 26 yoshli V.D. 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreyada bo‘lgan vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda millatlararo nizo keltirishi mumkin bo‘lgan chiqishlar qilgan. U o‘zbek xalqiga nisbatan haqoratomuz so‘zlar aytgani qayd etilgan.
2025 yilning 25 mart kuni u Abu Dabi — Samarqand reysi orqali O‘zbekistonga olib kelinib, protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudining hukmi bilan V. D. (1999 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi va 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo manzil-koloniyalarda o‘talishi belgilandi.
Sud xabar berishicha, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirish huquqiga ega.





