add

«O‘zbekneftgaz»ga geologiya-qidiruv uchun 30 ta istiqbolli uchastka beriladi

O‘zbekistonda neft-gaz sohasini transformatsiya qilish doirasida «O‘zbekneftgaz»ga geologiya-qidiruv ishlari uchun 30 ta istiqbolli maydon ajratiladigan bo‘ldi.

«O‘zbekneftgaz»ga geologiya-qidiruv uchun 30 ta istiqbolli uchastka beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» davlat kompaniyasi faoliyatiga oid kelgusi rejalar taqdimoti bilan tanishganidan so‘ng neft-gaz sohasida qator aniq vazifalar belgilab berildi. Ular orasida tabiiy gaz qazib olish hajmlarini oshirish, yangi konlarni o‘zlashtirish va geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari O‘ral Yusupovning «Oʻzbekiston 24» telekanaliga ma’lum qilishicha, 2026 yilda mamlakatdagi istiqbolli geologiya-qidiruv uchastkalarda ishlar sezilarli darajada kuchaytiriladi. Xususan, shunday 30 ta maydon «O‘zbekneftgaz» ixtiyoriga topshirilishi rejalashtirilgan.

Buning uchun Geologiya vazirligi 2D va 3D seysmik modellashtirish hajmlarini kengaytiradi, «O‘zbekgeofizika»ning moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshiradi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyevning ta’kidlashicha, yig‘ilishda geologiya-qidiruvni rivojlantirish bilan birga «O‘zbekneftgaz»ning moliyaviy barqarorligini yaxshilash va mahsulot tannarxini pasaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch kun ichida Prezident qarori loyihasi tayyorlanadi va unda belgilangan vazifalar bo‘yicha aniq maqsadli indikatorlar aks ettiriladi.

«O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov lavozimga tayinlanganiga hali bir oy ham bo‘lmaganiga qaramay, davlat rahbari tomonidan gaz qazib olishni oshirish, zaxiralarni kengaytirish va mavjud quvvatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berilganini bildirdi. Bu maqsadda neft-gaz sohasini tezlashtirilgan transformatsiya qilish, raqamlashtirish va davlat kompaniyasining moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftegaz» kompaniyasining kelgusi vazifalariga bag‘ishlangan taqdimotda joriy yilda asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida tabiiy gaz zaxiralarini ko‘paytirish va uni qazib olish hajmlarini oshirish belgilangani haqida xabar bergan edik.

Kompaniya oldiga sutkalik gaz qazib olish hajmini 66 mln kub metrdan 70 mln kub metrga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu yil yakunida kamida 25,4 mlrd kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu maqsadga erishish uchun gaz zaxiralarini kengaytirishga qaratilgan yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda ishlarni jadallashtirish, ularning samaradorligini oshirish vazifasi ham belgilandi. Ayni paytda neft ishlab chiqarish quvvatlaridan faqat 70 foiz foydalanilayotgani, eksport mahsulotlari narxlari esa ikki barobar pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan quvvatlarni to‘liq ishga solish va neftni polimer mahsulotlariga chuqur qayta ishlash hisobiga qo‘shilgan qiymatni olti barobarga oshirish vazifasi topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid