
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
O‘zbekistonda 2025 yilda oziq-ovqat sanoati hajmi keskin oshdi. Hududlar o‘rtasida sezilarli farq shakllandi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda jami 128,6 trillion so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng katta ishlab chiqarish hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 24 trillion so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha eng yuqori natija hisoblanadi.
Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyati qayd etildi. Hududda 17,3 trillion so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Uchinchi yirik hudud esa Toshkent viloyati bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarish hajmi 17,2 trillion so‘mni tashkil etgan.
O‘rta ko‘rsatkichlarga ega hududlar qatoriga Buxoro viloyati (9,6 trln so‘m), Farg‘ona viloyati (9,4 trln so‘m) va Qashqadaryo viloyati (9 trln so‘m) kiradi. Ushbu hududlarda qishloq xo‘jaligi xomashyosiga yaqinlik ishlab chiqarish hajmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qolgan hududlarda ishlab chiqarish hajmlari nisbatan pastroq qayd etildi. Xususan, Andijon viloyatida 7,6 trillion so‘m, Namangan viloyatida 6,8 trillion so‘m, Navoiy viloyatida 6,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich 5,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Eng past natijalar Surxondaryo viloyati (2,8 trln so‘m) va Jizzax viloyati (2,9 trln so‘m) hissasiga to‘g‘ri keldi.

