
«O‘zkimyosanoat» Navoiy Ekologiya boshqarmasini yolg‘on axborotda aybladi
21.07.2025 | 20:2031573
«O‘zkimyosanoat» AJ matbuot xizmati Navoiy shahrida kuzatilgan changsimon tutun bo‘yicha tarqatilgan ma’lumotlarga raddiya berdi.

«O‘zkimyosanoat» AJ rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, 19 iyul kuni Navoiy shahrida kuzatilgan changsimon tutun «Navoiyazot» AJ hududidan tarqalmagan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, korxona atrofini nazorat qilish maqsadida o‘rnatilgan 500 dan ortiq kuzatuv kameralari orqali olingan tasvirlarda bu holat yaqqol aks etgan.
Bayonotda keltirilishicha, ko‘tarilgan tutun g‘arbiy hududdan tarqalgan va shamol ta’sirida «Navoiyazot» ustidan o‘tib butun shaharga yoyilgan. Shuningdek, kompaniya 19 iyul kuni soat 7:30-8:00 da havo tarkibini tekshirgan va natijada ammiak aniqlanmaganini bildirdi.
«O‘zkimyosanoat» tomonidan ma’lum qilinishicha, atmosferaga vodorod sulfidi chiqqanligi haqidagi ma’lumot ham asossiz, chunki tiomochevina sexi fevral oyidan beri ishlamayapti. Bundan tashqari, korxonada mahsulot ishlab chiqarishda ko‘mir ishlatilmasligi sababli uglerod ikki oksidi paydo bo‘lishi mumkin emas.
Kompaniya viloyat ekologiya boshqarmasi sanitar laboratoriyasi bilan hamkorlikda tahlil o‘tkazmaganini, bu jarayon haqida «Navoiyazot» vakillari xabardor qilinmaganini ham ma’lum qildi. Shu bilan birga, ifloslanish manbalarini aniqlash va tarkibni nazorat qilish uchun sexlarga avtomatik gazoanalizatorlar va statsionar nazorat postlari o‘rnatilgani, bu uchun 6,2 milliard so‘m sarflangani qayd etilgan.





