
O‘zmilliybank yarim yilda 1 trln so‘m sof foyda ko‘rdi
17.07.2025 | 17:2022143
O‘zmilliybank 2025 yilning birinchi yarmida 1 trln so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 60,3 mlrd so‘mga ko‘proq.

O‘zbekiston Milliy banki (O‘zmilliybank) 2025 yilning birinchi yarmida 1 trln so‘m miqdorida sof foyda qayd etganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga oshgan.
Moliyaviy hisobotda aytilishicha, yanvar–mart oylarida bank 467,9 mlrd so‘m, aprel–iyun oylarida esa 537,4 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. Yarim yillikning umumiy natijasi 1 trln so‘mni tashkil etdi.
Foyizli daromadlar 8,4 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga o‘sgan. Bankning foyizsiz daromadlari esa 5,2 trln so‘mni tashkil etgan va bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 22,5 foizga ko‘pdir.
Shu bilan birga, bank xarajatlari ham oshgan. Jumladan, xodimlarga ish haqi va boshqa sarf-xarajatlar uchun 593,1 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Davlat byudjetiga esa 163,7 mlrd so‘m miqdorida daromad solig‘i to‘langan.
O‘zmilliybank mamlakatdagi eng yirik moliyaviy muassasalardan biri bo‘lib, uning faoliyati iqtisodiyotning turli tarmoqlarini kreditlash va moliyalashtirish bilan uzviy bog‘liq.





