
Ozodbek Nazarbekov yana reklamada ko‘rinish berdi: vazir qonundan bexabarmi?
22.08.2025 | 09:295524
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xususiy universitet reklama videosida ishtirok etdi. Bu vazirning 2024 yilda ham erkaklar kiyimlari do‘koni reklamasida ko‘ringanidan keyingi ikkinchi holat bo‘lib, bu harakat qonunchilikka zid hisoblanadi.

O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kokand University xususiy universitetining reklama roligida ishtirok etdi. Uning yoshlarga universitetning Andijondagi filialiga o‘qishga kirishni tavsiya qilgan videosi joriy yil 4 iyul kuni universitetning rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mansabdor shaxslarning bunday holatga yo‘l qo‘yishi mumkin emas. Xususan, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish taqiqlanadi.
Shuningdek, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga muvofiq mansabdor shaxsga pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish (qonunlar hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno), shuningdek, o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olish taqiqlangan.
Qayd etish kerakki, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2024 yilda ham erkaklar kiyimlari do‘konining reklamasida ishtirok etgan edi. O‘shanda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ushbu do‘kon reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganini aniqlagan. Unga ko‘ra, videoda mahsulot davlat vakili tomonidan ma’qullangandek taassurot paydo bo‘lgan. Do‘konga 23,8 mln so‘m jarima solingan, biroq vazirning o‘zi bunga aloqador emasligi aniqlangan: u reklama beruvchi, ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchi sifatida ishlamagan.





