
Parkent tumanida «Amirsoy» kabi yirik tog‘-chang‘i kurorti barpo etiladi
19.06.2025 | 08:1537683
Toshkent viloyatidagi Parkent tumanida 1200 gektar maydonda yirik tog‘-chang‘i kurorti barpo etiladi. Uch bosqichda amalga oshiriladigan loyiha amalga oshsa, har kuni 15 minggacha turistni qabul qilish imkoni paydo bo‘ladi.

18 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Parkent tumaniga tashrif buyurib, yangi turizm ob’ektlari bilan tanishdi. Safar doirasida davlat rahbari «Oltin bel» cho‘qqisidagi turizm majmuasi va qurilayotgan «Parkentsoy» turarjoy massivini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu hududda allaqachon zamonaviy mehmonxona majmuasi barpo etilgan. Hozirda 188 o‘rinli ikki mehmonxona, kapsula turidagi uylar, restoran va xizmat inshootlari faoliyat yuritmoqda. Yangi bosqichda yana 20 ta shunga o‘xshash uy qurilishi rejalashtirilgan.
Eng muhim loyihalardan biri — Avstriya kompaniyasi ishtirokidagi 1200 gektarli tog‘-chang‘i kurorti qurilishi bo‘ladi. Unda 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, shale uylari, restoranlar, dam olish maskanlari va sog‘lomlashtirish markazlari nazarda tutilgan. Kurortda 600 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyat yuritadi, umumiy ish o‘rinlari soni esa 10 minggacha yetishi kutilmoqda.
Ta’kidlash kerak, mazkur loyiha Toshkent viloyatidagi eng yirik turistik markazlardan biri — Bo‘stonliq tumanidagi «Amirsoy» kompleksiga munosib raqobatchiga aylanishi kutilmoqda.
Prezident loyiha ijrosini tezlashtirish, xizmatlar turini kengaytirish va infratuzilmani yanada takomillashtirish yuzasidan mutaxassislar bilan alohida muhokama o‘tkazdi.
Toshkent viloyatidagi umumiy 1,8 mlrd dollarlik 52 ta turistik loyiha doirasida 3300 yangi ish o‘rni yaratilishi va yiliga 1 million turist qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.





