
Pasport qoidalarini buzganlik uchun jarimalar o‘zgartirildi
12.07.2025 | 12:305243
O‘zbekistonda fuqarolar va xorijliklarni ro‘yxatga olish tartibi bo‘yicha qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, pasport tizimiga oid huquqbuzarliklar uchun belgilanadigan jarimalar miqdori yumshatildi va aniqlashtirildi. Jarimalarning ba’zilari sezilarli darajada pasaytirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyul kuni «Fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Yangi hujjatga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pasport va ro‘yxatga olish tizimi bilan bog‘liq jarimalarga doir o‘zgartishlar kiritildi.
Endilikda, O‘zbekiston fuqarosining pasport yoki ID-kartasiz yashashi, yoki uning muddati tugagan holda foydalanishi uchun 187,5 ming so‘m jarima belgilanadi. Bu qoidabuzarlik takrorlansa, jarima 1,125 mln so‘mni tashkil etadi. Ilgari bu miqdor 3 BHMgacha borishi mumkin edi.
Pasport yoki ID-kartani yo‘qotish yoki yaroqsiz holatga keltirish uchun ham belgilangan jarima pasaytirilib, 375 ming so‘m etib belgilandi. Agar bunday holat bir yilda takrorlansa, 1,875 mln so‘mlik jarima solinadi.
Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashagan fuqarolarga 3 BHM — 1,125 mln so‘m miqdorida jarima belgilanadi. Takroriy holda bu miqdor 5 BHMgacha — 1,875 mln so‘mgacha yetadi.
Shu bilan birga, ayrim toifadagi shaxslar — 18 yoshga to‘lmaganlar, 60 yoshdan oshganlar, favqulodda vaziyat qurbonlari va hujjatini yo‘qotgan ayrim shaxslar ushbu jarimalardan ozod etiladi.
Pasport yoki ID-kartani garov sifatida berish uchun jarima 2 BHM etib belgilandi. Ilgari bu 10 dan 15 BHMgacha edi. Shunga o‘xshash, hujjatni noqonuniy tarzda olib qo‘yganlik uchun ham 10 BHM jarima belgilandi.





