add

«Pautina» amaliyotidan so‘ng Rossiya uzoq masofali aviatsiyasini tez orada tiklay olmaydi — OAV

07.06.2025 | 13:3043674

Ukraina maxsus xizmatlari amalga oshirgan «Pautina» amaliyoti chog‘ida Rossiyaning Tu-95MS va Tu-22M3 bombardimonchi uchoqlari yo‘q qilindi. Ekspertlar ta’kidlashicha, Rossiya ushbu yo‘qotishlarni yaqin kelajakda tiklay olmaydi.

«Pautina» amaliyotidan so‘ng Rossiya uzoq masofali aviatsiyasini tez orada tiklay olmaydi — OAV
Reutersʼning xabar berishicha, dronlar vositasida amalga oshirilgan hujumlar natijasida Rossiya hozir ishlab chiqarilmayotgan bir necha uzoq masofalarga parvoz qiluvchi uchoqlaridan mahrum bo‘ldi. Ukraina xavfsizlik xizmati tarqatgan videolarda havo hujumiga uchragan samolyotlardan ba’zilari X-101 qanotli raketalari bilan jihozlangani ko‘ringan. Londondagi RUSI markazi aviatsiya bo‘yicha eksperti Jastin Bronk ta’kidlashicha, Rossiya bu bombardimonlarni butun urush davomida ukrain shaharlari, harbiy ob’ektlar va energetika infratuzilmasiga zarba berishda faol foydalangan. Uning hisob-kitobicha, Rossiya «Pautina» amaliyoti va oldingi hujumlar tufayli uzoq masofali flotining kamida 10 foizini yo‘qotgan. Ukraina SBU va Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy hisobda Rossiya harbiy-havo kuchlariga tegishli 41 ta samolyot ishdan chiqarilgan, shular qatorida uzoq radiolokatsion kuzatuvchi A-50 uchog‘i ham bor. The New York Times va NATO manbalari ushbu zararlar miqyosini tasdiqladi. Amerika rasmiylarining baholashicha, hujumda 20 ga yaqin uchoq zarar ko‘rgan, ulardan kamida 10 tasi to‘liq yo‘q qilingan. Rossiya bu yo‘qotishlarning o‘rnini qoplashda qiynaladi. Sovet davrida ishlab chiqarilgan Tu-95MS va Tu-22M3 uchoqlari ancha vaqt oldin ishlab chiqarishdan to‘xtatilgan. Tu-160M samolyoti yiliga atigi to‘rt dona ishlab chiqarilmoqda. Yangi strategik bombardimonchilar loyihasi esa 2027 yildan avval ishlab chiqarishga kirishmaydi. Xalqaro tahlilchilarning ta’kidlashicha, Rossiyada bugungi iqtisodiy va texnologiyaviy cheklovlar sharoitida uzoq aviatsiya dasturini tezlashtirish amri mahol. Hans Kristensen (FAS) va Duglas Barri (IISS) kabi ekspertlar sanksiyalar, mikroprotsessor tanqisligi va sanoat salohiyati yetishmasligi tufayli Rossiya ushbu yo‘qotishlarni uzoq muddat davomida to‘liq tiklay olmasligini bildirishmoqda. WSJ manbasi, AQSH mudofaa vazirligining sobiq amaldori Mayk Malroy bu amaliyotni «razvedka va tayyorgarlik darajasi bo‘yicha tarixdagi eng samarali maxsus operatsiyalardan biri» deb baholadi.

Teglar

Mavzuga oid