
Pavel Durov Fransiyani Ruminiya saylovlariga aralashishda aybladi
20.05.2025 | 14:1530894
Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiya maxsus xizmatlarini Ruminiyadagi prezident saylovlari arafasida «konservativ ovozlar»ni senzura qilishni so‘rashda aybladi. Fransiya rasmiylari bu ayblovlarni rad etdi, Moskva esa ularni qo‘llab-quvvatladi.

Telegram asoschisi Pavel Durov 18 may kuni, Ruminiyada prezident saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tayotgan vaqtda, «X» ijtimoiy tarmog‘ida Fransiya razvedkasi uni «konservativ ovozlar»ni o‘chirishga undaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu talab Ruminiyadagi saylovlar arafasida yuborilgan.
Durov Fransiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmagan bo‘lsa-da, «🥖» (baton non) emodzisi bilan ishora qilib, talab aynan shu davlatdan kelganini bildirdi. U o‘z bayonotida, “demokratiyani himoya qilish” bahonasida so‘z erkinligini cheklashni keskin tanqid qildi va Telegram’da rumin foydalanuvchilarning siyosiy kanallari bloklanmasligini ta’kidladi.
Fransiya tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni «asossiz» deb atadi va ularni «fake» deb belgiladi. MID, shuningdek, 2024 yil dekabr oyidagi saylovlar Rossiya bilan bog‘liq sub’ektlar tomonidan buzilganini, buni YeI tekshiruvlari ham tasdiqlaganini eslatdi.
Keyinroq Durov Fransiya maxsus xizmatlarining rahbari Nikolya Lerner undan shaxsan «konservativ ovozlar»ni o‘chirishni so‘raganini ma’lum qildi. Ushbu uchrashuv 2025 yil bahorida Parijda bo‘lganini aytgan.
Ijtimoiy tarmoqda Elon Musk ham Durovning bayonotini qo‘llab-quvvatlab «Tinglang» deb javob berdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa buni «demokratiya asoslariga bevosita aralashish» deb atadi.
Biroq jurnalist Xristo Grozev Durovni ma’lumotni noto‘g‘ri taqdim etganlikda aybladi. Uning fikricha, Durov Lerner bilan uchrashgan paytda Ruminiya saylovlariga nomzodlar ham hali rasman e’lon qilinmagan edi. Grozev Durovni ma’lumotlarning aniq vaqti va mohiyatini ochiqlashga chaqirdi.
Durov keyingi postida Fransiya maxsus xizmatlari bolalar pornografiyasi yoki terrorizm emas, balki asosan geosiyosiy masalalar — Ruminiya, Moldova va Ukraina bilan bog‘liq kanallar ustida nazorat o‘rnatishni ko‘zlaganini iddao qildi.





