add

Paxtachida bolalar avtobusga mindirilmagan video ortidan hokimlik bepul qatnov joriy etdi

06.09.2025 | 13:3015623

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchining maktabga ketayotgan o‘quvchilar pul to‘lamagani uchun avtobusga chiqarilmagan videosi tarqaldi. Samarqand hokimligi bunga izoh berdi.

Paxtachida bolalar avtobusga mindirilmagan video ortidan hokimlik bepul qatnov joriy etdi
Ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea 3 sentyabr kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumani Fay mahallasiga qarashli Nazarobod qishlog‘ida sodir bo‘lgan. «Oqtosh-Shaxzod trans» MCHJga tegishli avtobus haydovchisi yo‘lkira haqini to‘lamagan o‘quvchilarni transportga mindirmagan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Davlat raqami 30 E 881HB bo‘lgan avtobus, «Saxoba-Oqtosh» yo‘nalishida qatnagan. Shu voqeadan so‘ng haydovchi Musurmon Bobojonov jamiyatning 4 sentyabrdagi buyrug‘i bilan ishdan bo‘shatilgan. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, Nazarobod qishlog‘idan 19 nafar o‘quvchi Paxtachi tumanidagi 28-maktabga, yana 3 nafar o‘quvchi esa 34-maktabga qatnab o‘qiydi.
«Paxtachi tumani hokimligi va«Oqtosh-Shaxzod trans» MCHJ o‘rtasida maktab o‘quvchilarini maktabga tashish xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolanib, kunning ikkinchi yarmidan boshlab o‘quvchilar uchun bepul avtobus harakati yo‘lga qo‘yilganligini ma’lum qilamiz» — deyiladi xabarda.
Viloyat hokimligi bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rilayotganini va muammoni ko‘targan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorlik izhor etdi.

Teglar

Mavzuga oid