
Paynet bank sektoriga kirmoqchi
To‘lov tizimida yetakchilardan biri bo‘lgan — Paynet Boshqaruv raisi o‘rinbosari aytishicha, kompaniyada bank sektoriga kirish bo‘yicha rejalar bor.

O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov tashkilotlaridan biri — Paynet bank sektoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Paynet Boshqaruv raisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov «Alter Ego» loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Suhbat davomida to‘lov tashkilotining faoliyati, «Paynet Xolis» atrofidagi voqealar, Humo to‘lov tizimining xarid qilinishi, 2025 yil yakunlari hamda kelajak rejalar muhokama qilingan.
Unda Muzaffar Komilov nima uchun Paynet bank sektoriga kirishga qaror qilganini quyidagicha tushuntirgan:
«To‘lov tashkilotining rivojlanish yo‘lini qaraydigan bo‘lsak, odatda ikkita variant bor: yoki telekom bilan birlashasiz, yoki bank tomon yurasiz. Telekom ko‘proq Afrika va Osiyoga xos, bank esa Yevropa va boshqa hududlar uchun mos. Ularning orasida aralash variantlar ham bor», — deydi Komilov.
Paynet Boshqaruv raisi o‘rinbosari banklarda doimiy ravishda to‘lov tashkilotlariga ehtiyoj bo‘lishini ta’kidlab, fintex kompaniyalar banklar yetib bormagan joylarni qamrab olish imkoniyatiga ega ekanini qayd etdi.
Shu sababli Paynet o‘z bankiga ega bo‘lishi kerakligi, bu borada aniq rejalar mavjudligi aytildi. Shuningdek, Komilov Paynet va «Xalq banki» o‘rtasida uzoq yillik hamkorlik aloqalari borligini ham ma’lum qilgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda 34 ta bank faoliyat olib bormoqda. Ulardan 9 tasi davlat bank hisoblanadi.
2025 yilda banklar soni 36 ta edi. Oxirgi yarim yilda Markaziy bank «Yevroosiyo banki» va «Yangi bank»ni litsenziyasini qaytarib oldi.
Paynet haqida
Paynet ko‘pchilik tomonidan O‘zbekistondagi birinchi fintex kompaniya sifatida e’tirof etiladi. Kompaniya 2005 yilda Botir Arifjonov va uning sheriklari tomonidan tashkil etilgan.
Keyinchalik kompaniya davlat tasarrufiga o‘tkazilgan. Arifjonovning ma’lum qilishicha, unga Rossiyadan 10 mln dollarlik taklif bo‘lgan, biroq «qo‘ng‘iroq qilib», Paynet’ni davlatga sotishi kerakligi aytilgan. O‘shanda asoschilar Paynet’ni davlatga rasmiy kurs bo‘yicha 60 ming dollarga «sotishga» majbur bo‘lgan.
Shundan so‘ng «UzPaynet» MCHJ davlat tasarrufiga o‘tkazilgan. 2014 yildan boshlab «Xalq banki» kompaniyaning asosiy egasiga aylangan.
2022 yilda Paynet Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazilib, uni xususiylashtirish rejalashtirilgani e’lon qilingan. 2024 yilda esa kompaniyani «New Industrial Technologies» xarid qilgani ma’lum bo‘ldi.
Bu xabarlardan so‘ng, 2025 yil boshida Paynet davlatdan Humo to‘lov tizimini 65 mln dollarga sotib oldi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 9 oyida Paynet 1,2 trln so‘m (+54 foiz) daromad qilgan. Kompaniyaning sof foydasi esa 330 mlrd so‘m (+59 foiz)ni tashkil etgan. Bu to‘lov tashkilotlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.





