
Pekindagi harbiy paradda Tayvanga qarshi urushga mo‘ljallangan qurollar namoyish etildi — FT
03.09.2025 | 19:0041433
Pekindagi harbiy paradda Xitoy armiyasi Tayvan mojarosi uchun muhim bo‘lishi mumkin bo‘lgan hipertovushli raketalar va robot-itlarni namoyish etdi.

Financial Times tahliliga ko‘ra, Pekindagi parad Xitoyning harbiy salohiyatini namoyon etish va Tayvanga ehtimoliy mojaroda ustunlik qilish niyatini ko‘rsatdi. Tadbirda Si Jinping Xitoy armiyasini davlat tayanchi sifatida taqdim qildi.
Xitoyning xalq-ozodlik armiyasi so‘nggi yillardagi uchta yirik mojaro — Ukrainadagi urush, Isroil–G‘azo urushidan va Hindiston–Pokiston to‘qnashuvidan saboq olgani qayd etildi. Paradda yadroviy zarbalarni qo‘llash imkoniyatiga ega qurollar birinchi marta ommaviy namoyish qilindi.
Eng ko‘zga ko‘ringan qurollardan biri — Dongfeng-61 qit’alararo ballistik raketasi bo‘ldi. Bu raketaning namoyishi Xitoyning yadroviy arsenalni kengaytirishga intilishini, shu bilan birga AQSH bilan raqobatini kuchaytirayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, JingLei-1 va JuLang-3 raketalari, hipertovushli YJ-17 raketalari, FK351 dronlarga qarshi himoya tizimi va LY-1 lazer quroli taqdim etildi. YJ-17 hipertovushli planer bloki bilan jihozlangan bo‘lib, dushmanning havo mudofaa tizimidan qochish qobiliyatiga ega.
HSU-100 nomli 20 metrli avtonom suzuvchi qurilma paradda eng yirik dron sifatida e’tibor qozondi. Bu robot-qayiq razvedka yoki hujum vazifalari uchun mo‘ljallangan. U bilan birga AJX-002 nomli minaqo‘yuvchi dron-submarina ham namoyish qilindi — ekspertlar bu qurol Tayvanni bloklashda qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlashdi.
Paradda yangi dronlar, tanklarda o‘rnatilgan razvedka qurilmalari va radioelektron uskunalar bilan jihozlangan robot-itlar ham namoyon bo‘ldi. Xitoy armiyasining zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan urg‘usi yaqqol ko‘rindi.





