add

Pensiya yoshi oshirilishi haqidagi xabarlarga rasmiy raddiya berildi

26.06.2025 | 13:3029864

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan pensiya yoshi oshirilishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Pensiya jamg‘armasi xabar berishicha, hozircha bu masala bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmagan.

Pensiya yoshi oshirilishi haqidagi xabarlarga rasmiy raddiya berildi
Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida turli xabarlar tarqaldi. Ushbu masala jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda. Pensiya jamg‘armasi bu xabarlarga rasmiy munosabat bildirib, hozirda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. Ayni paytda bu yo‘nalishda o‘rganish, tahlil va takliflar ishlab chiqish jarayoni olib borilmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, pensiya ta’minoti tizimidagi muammolarni o‘rganish va xorijiy tajribalar asosida barqaror pensiya tizimini yaratish uchun Ishchi guruh tuzilgan. Bu guruh pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda. 2024 yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, OTB va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan bir necha seminar va uchrashuvlar o‘tkazildi. Xalqaro maslahatchilar kengashi va soha ekspertlari tomonidan turli tavsiyalar berilgan. Tavsiyalar orasida pensiya yoshini oshirish, pensiya hisoblash tartibini o‘zgartirish, mehnat migrantlari uchun ikki tomonlama kelishuvlar tuzish va nodavlat pensiya jamg‘armalarini joriy qilish kabi takliflar bor. Shuningdek, ijtimoiy badallar va soliqlar bo‘yicha ba’zi imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish masalalari ham muhokama qilingan. Pensiya jamg‘armasi ushbu tavsiyalar hozircha faqat o‘rganilayotganini va ularning O‘zbekiston sharoitiga mosligi chuqur tahlil qilinishayotganini ta’kidladi. Eng muhimi, hozirda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmagan. Jamg‘arma har qanday yangiliklar jamoatchilik muhokamasidan so‘ng va xalq manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qildi. Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston pensiya tizimi barqarorligi uchun pensiya yoshini oshirish, imtiyozli to‘lovlarni bekor qilish va standart badal stavkalarini ko‘tarishni taklif qilayotgani xabar qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid