add

Pentagon OpenAI bilan $200 mlnlik harbiy sun’iy intellekt loyihasini boshladi

18.06.2025 | 14:4510952

AQSH Mudofaa vazirligi OpenAI kompaniyasi bilan harbiy va ma’muriy maqsadlarda qo‘llaniladigan ilg‘or generativ sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha 200 million dollarlik shartnoma imzoladi.

Pentagon OpenAI bilan $200 mlnlik harbiy sun’iy intellekt loyihasini boshladi
Loyiha AQSH milliy xavfsizligiga oid vazifalarni yechishga xizmat qiladigan SI yechimlarini yaratishni ko‘zda tutadi. Unda kiberxavfsizlikni mustahkamlash, harbiy xizmatchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish va armiya infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar qamrab olingan. OpenAI barcha ishlanmalar kompaniyaning sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha ichki etik tamoyillariga to‘liq muvofiq ravishda olib borilishini ma’lum qilgan. Loyihadagi dastlabki mablag‘ — qariyb 2 million dollar — 2025 yilgi tadqiqot byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi, qolgan mablag‘lar esa ish jarayoniga qarab ajratiladi. Mazkur shartnoma AQSHda yirik texnologik kompaniyalar bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish tendensiyasining bir qismi sanaladi. Bundan avval OpenAI Anduril Industries startapi bilan dronlarga qarshi SI yechimlari ustida ishlagan. OpenAI bosh direktori Sem Altmanning ta’kidlashicha, kompaniya SI texnologiyalarini jamiyat farovonligi uchun rivojlantiradi va demokratik qadriyatlarga asoslangan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shartnoma bo‘yicha ishlar asosan Vashington shahri atrofida amalga oshirilib, 2026 yil iyulida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid