
Piskent poligonida avtosinovlar to‘xtatilishi nimani o‘zgartiradi?
02.09.2025 | 18:0019537
Piskent poligonida avtosinov amaliyoti 2 sentyabrdan to‘xtatiladi. Biroq bu jarayonga oid rasmiy me’yoriy hujjat, avtoqismlar tekshiruvi hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan import qilingan avtomobillarga qanday tartibda qo‘llanilishi haqida ma’lumotlar mavhum.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Piskent sinov majmuasida tekshiruv amaliyoti shu yili 2 sentyabrdan to‘xtatilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, amaliyot rasmiy distribyutorlik va servis markazlari soni keskin oshganligi hamda iste’molchilarning rasmiy distribyutorlar bilan ishlash amaliyoti yaratilgani sababli bekor qilingan.
Piskent poligoni haqida iqtisodchi Otabek Bakirov munosabat bildiradi.
«Piskent poligoni xuddi eski zamonning yovuz simvollari kabi bo‘lib qolgan edi. Shu ma’noda poligonda import avtomobillar sinovi to‘xtatilishi ko‘pchilikda umid uyg‘otadi», — dedi u.
Agentlik xabarda 2024 yilgacha O‘zbekistonda atigi 3 ta distribyutorlik markazi faoliyat yuritgani, ular faqat 15 ta avtomobil modeli uchun turni tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatlarga ega bo‘lganini tushuntiradi.
Hozirda rasmiy distribyutorlar soni 21 taga yetdi va 100 dan ortiq avtomobil modellariga turni tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatlar berilgani ta’kidlandi. Shuningdek, aholiga avtomobil xaridini rasmiy distribyutorlar orqali amalga oshirish tavsiya qilingan.
Biroq iqtisodchilar bu qarordagi bo‘shliqlar yuzasidan savol bilan yuzlanmoqda. Jamoatchilik faoli Shuxrat Qurbonov blogida shunday yozmoqda:
«Yangilik, albatta, яхшидек ko‘rinadi, lekin men tushunmadim, sertifikatlash endi zarur bo‘lmagani uchun bekor qilinyaptimi yoki distribyutorlar soni ko‘payib ketgani uchunmi? O‘zi uchun bitta avtomobil olib kelayotganlar endi nima qilishi kerak?» — deydi u.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham shunday savol bilan murojaat qildi: «Mokkilar yoki jismoniy va yuridik shaxslar o‘z ehtiyoji uchun import qilgan avtomobillarga endi qanday tartib qo‘llaniladi? Yoki bu toifaga import taqa-taq taqiqlanadimi? Qaysi asoslarda?»
Agentlikning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, import avtomobillarni sinovdan o‘tkazish butkul to‘xtatiladi va uni avvalgidek Bojxona hududida qayta tiklash ko‘zda tutilmagan.
Ma’lumot uchun, avvalroq ADM Jizzakh elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qilgan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarish maqsadga muvofiq emas, chunki bu qimmatga tushadi.
Biroq buning o‘zi yetarli emas. Agentlik faqatgina avtosinovlar amalga oshirish bilan cheklanmagan, Piskent poligonida bolalar uchun tagliklardan tortib maishiy texnikalargacha tekshiruv qilingan. Endi bu jarayon nima bo‘ladi?
Bundan tashqari, avtosinovlar bekor bo‘lishi haqida hech qanday rasmiy me’yoriy hujjat e’lon qilinmadi.
Sodda qilib aytganda, avtoqismlar tekshiruvi, rasmiy me’yoriy hujjat, jismoniy va yuridik shaxslarning import qilgan avtomobili qanday qo‘llanilishi haqida ma’lumotlar hozircha noma’lum. Agentlikka mazkur savollarga javob olish uchun murojaat qildik, biroq qo‘ng‘iroqlarimizga javob berilmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab Texnik jihatdan tartibga solish agentligi import qilingan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini o‘zgartirgandi. Unga ko‘ra, xorijdan olib kiriladigan transport vositalari bojxona hududida emas, balki Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi avtomobil poligonida sinovdan o‘tkazilishi belgilangandi.
Tartib rasmiy distribyutor bo‘lmagan jismoniy shaxslar va xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtomobillarga nisbatan tatbiq etilgan. Bu esa poligon yo‘lida avtomobillarning uzun navbatiga sabab bo‘lgan edi. Avtomobil egalari jarayon uzoq davom etgani uchun mashinalarda tunab qolishga ham majbur bo‘lishgan.
Mahliyo Hamidova tayyorladi.





