
Pokistonda zilzila paytida 200 dan ortiq mahbus qamoqxonadan qochdi
03.06.2025 | 21:0039122
Karachi shahridagi Malir tumani qamoqxonasida sodir bo‘lgan zilzila vaqtida evakuatsiya jarayonidan foydalangan 200 dan ortiq mahbus qochishga muvaffaq bo‘ldi. Pokiston politsiyasi hozircha faqat bir qismini ushlashga erishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dushanba kuni kechqurun kichik zilzila ro‘y bergan va uning oqibatida xavfsizlik nuqtai nazaridan 2000 ga yaqin mahbus qamoqxonadan evakuatsiya qilingan. Ayni shu vaqtda 213 mahbus nazoratdan chiqib ketgan.
Politsiya tezkor tartibda hududni o‘rab olgan va izlash ishlarini boshlagan. Hozirga qadar 78 mahbus qo‘lga tushirilgan. Qochish paytida yuz bergan otishmada bir kishi halok bo‘lgan, yana uch nafar xavfsizlik xodimi yaralangan.
Pokiston rasmiylari voqea yuzasidan tergov ishlarini boshlagan. Qamoqxonada xavfsizlik tizimi qay darajada samarali ishlagani ham tekshiruv ostida.
Mahalliy OAVning yozishicha, zilziladan so‘ng kelib chiqqan beqarorlik, evakuatsiya jarayonidagi chalkashlik va xavfsizlik xizmatlari faoliyatidagi yetishmovchilik mahbuslar qochishiga sabab bo‘lgan. Qochib ketgan mahbuslarning aksariyati og‘ir jinoyatlarda gumon qilingan shaxslar ekani aytilmoqda.
Hozircha 135 nafar mahbus qidiruvda. Qo‘shimcha ravishda maxsus guruhlar jalb qilinib, ularning mahalliy va qo‘shni hududlarda ekanligi bo‘yicha ma’lumotlar to‘planmoqda.





