
Pokrovsk va Konstantinivka — Rossiyaning yozgi urushdagi asosiy nishonlari
23.05.2025 | 12:204385
Rossiya armiyasi Donetsk oblastidagi Pokrovsk va Konstantinivkani bosib olishga urinayotgan bo‘lsa-da, Putinning qo‘shib olingan barcha hududlarni 2025 yil oxirigacha egallash rejasi amalga oshishi ehtimoldan yiroq. Joriy urush harakatlari sekin va mahalliy masshtabda davom etmoqda.

The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Tramp bilan suhbatda urushda yutqazmayotganini aytgan. Biroq Bloomberg tahlilchilariga ko‘ra, Rossiya armiyasi ushbu yil ichida Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining to‘liq nazoratini qo‘lga kiritishi ehtimoldan yiroq.
Rossiya qo‘shinlarining asosiy maqsadi — Donetsk oblastidagi Pokrovsk shahri. Harbiylar uni qanotlardan aylanib o‘tib, yarim halqaga olish va dronlar yordamida logistikani izdan chiqarib, shturmni boshlashni rejalashtirmoqda. Ammo harbiy tahlilchi Yan Matveyevga ko‘ra, Pokrovskni to‘liq o‘rab olish uchun kamida kuzgacha vaqt kerak bo‘ladi.
Navbatdagi yirik nishon — Konstantinivka. Lekin bu yerdagi joylashuv Rossiya qo‘shinlarini jangga majbur etmoqda: ular haligacha shaharga 10–12 km yaqinlasha olmagan. Bu holatga asosiy to‘siq — Toretsk atrofidagi pozitsiyalardir. U yerda qariyb bir yil davom etgan janglar natijasida shahar Rossiya tomonidan egallangan bo‘lsa-da, Ukraina qo‘shinlari hali ham uning shimoli va g‘arbidagi mahallalarda himoyani davom ettirmoqda.
Ayni paytda Rossiya armiyasi Sumi oblastining chegarasida kichik platsdarmni kengaytirishga urinmoqda. Ukraina armiyasi esa Kursk oblastidagi Tyotkino yaqinida javob zarbalari bermoqda. Ushbu hududdagi janglar mahalliy xususiyatga ega bo‘lib, ulkan strategik o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin emas.
Rossiyalik harbiylar tomonidan Dnipro oblasti chegarasida bayroq ko‘tarib tushilgan suratlar Z-axborot maydonida shov-shuvli reaksiyaga sabab bo‘ldi. Ammo tez orada ma’lum bo‘lishicha, bu faqat piar aksiya bo‘lgan va suratdan so‘ng ushbu guruh to‘liq yo‘q qilingan. Ushbu harakatlar chegarani real kesib o‘tishni anglatmaydi.
Xerson va Zaporijjya shaharlari esa hozircha Rossiya uchun mutlaqo yetib bo‘lmas nishonlar bo‘lib qolmoqda. Harbiy ekspert Oleg Jdanovning ta’kidlashicha, agar hozirgi sur’atdagi hujumlar davom etsa, Rossiya o‘zi da’vo qilayotgan to‘rt oblastni to‘liq egallashi uchun kamida to‘qqiz yil vaqt kerak bo‘ladi.





